Qashqadaryo tajribasi. Murojaatlar bilan ishlashda kompleks yondashuv
2026-06-26 23:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarida ham murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyati IIBda toʻplangan tajriba amaliyotda ijobiy natijalar bermoqda.
Viloyat IIBda murojaatlarni yoʻnalishlar asosida qabul qilish yoʻlga qoʻyilgani samaradorlikni oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Bunda har bir yozma, elektron va ogʻzaki murojaatni roʻyxatga olish, mazmunan oʻrganish, muammolarni joyiga chiqqan holda bartaraf etish hamda ijro intizomini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Ayniqsa, boshqarma rahbariyatining tez-tez hududlarga chiqib, sayyor qabullar uyushtirayotgani, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish xonasida kundalik qabullarning tizimli yoʻlga qoʻyilgani aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal qilishda qoʻl kelmoqda.
Taʼkidlash kerakki, keyingi vaqtda murojaatlar bilan ishlash borasida shahar-tuman hokimliklari, turli mutasaddi tashkilotlar va mahalla instituti oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmi kuchaytirildi. Buning natijasida ijtimoiy himoya, bandlik, ichki ishlar organlariga xizmatga kirish, surishtiruv va tergov harakatlari bilan bogʻliq murojaatlarni ijobiy hal etish koʻrsatkichi sezilarli darajada oshdi.
Murojaatlar bilan ishlash jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Elektron tizim orqali har bir murojaatning harakatini kuzatish, ijro muddatini nazorat va tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida viloyat IIBga 11 865 ta murojaat kelib tushdi, — deydi Tashkiliy boshqarma murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, podpolkovnik Shermuhammad Muslimov. — Shundan tergov-surishtiruv harakatlariga oid masalalar 14 foizni, ishga qabul qilish va qayta tiklash 61 foizni, xodimlarning xatti-harakatidan norozilik kayfiyati aks etgan murojaatlar 9 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida viloyat IIB boshligʻi tomonidan 20 ta shaxsiy qabul oʻtkazilib, 362 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Ularning 215 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, 97 nafar murojaatchiga asoslantirilgan huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan murojaatlar nazoratga olinib, ijro choralari belgilandi.
Maʼlum boʻlishicha, takroriy shikoyatlarning aksariyati fuqarolarga rad etish qarorlarining asoslari toʻliq va tushunarli tarzda yetkazilmagani bois kelib tushgan. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida har chorakda “murojaatlar xaritasi” shakllantirilmoqda.
Shu bilan birga, eng koʻp murojaat kelayotgan sohalar boʻyicha maxsus dasturlar ishlab chiqilib, raqamli tahlil qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Bu esa muammolarning ildiz sabablarini kompleks yondashuv asosida bartaraf etish imkonini bermoqda.
Boshqarma va shahar-tuman IIBlarida har oyda “Huquqiy maslahat kunlari” tashkil etilayotgani, murojaatchilar bilan ochiq muloqot muhiti yaratilgani ham koʻzlangan samarani bermoqda. Ana shunday tizimli chora-tadbirlar koʻrilishi natijasida takroriy murojaatlar soni 17 foizga kamayishiga erishildi.
Murojaatlar bilan ishlashning samaradorligi faqatgina kelib tushgan arizalar soni bilan emas, balki ularning sifatli va qonuniy yechimi bilan baholanadi.
Ayni paytda raqamli monitoring tizimlarini kengaytirish, masʼul xodimlarning huquqiy koʻnikmalarini oshirish hamda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratilgan.
Kelgusida murojaatlar bilan ishlash sohasini toʻliq raqamlashtirish, tizimli tahlil va jamoatchilik bilan muloqotni yanada kuchaytirish orqali ish sifatini yangi bosqichga koʻtarish maqsad qilingan.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
