Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan Fargʻona viloyatida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda
2026-06-22 13:00:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda hududlarda tezkor vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borish maqsadida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi chekka hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Fargʻona shahrida server qurilmalari oʻrnatilgan, bu bilan videomaʼlumotlarni markazlashgan holda qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va tahlil qilish imkonini bermoqda.
Shuningdek, viloyatdagi 147 ta “qizil” toifadagi mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida oʻrnatilgan 2 290 ta intellektual videokuzatuv kamerasi “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy platformasiga integratsiya qilindi.
Viloyat hududida oʻrnatilgan intellektual videokuzatuv kameralarining “Xavfsiz shahar” platformasiga integratsiya qilinishi jamoat tartibini saqlash, transport oqimini nazorat qilish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, “qizil” toifadagi mahallalar, Quva tumani hududlari va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda zamonaviy videokuzatuv vositalari orqali uzluksiz monitoring yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur raqamli yechimlar Fargʻona viloyatida xavfsiz muhitni shakllantirish, vaziyatga tezkor munosabat bildirish hamda ichki ishlar organlari faoliyatida tahliliy boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi









