Jazoni ijro etish tizimida. Sogʻlom oila — barqaror xizmat, ahil jamoa
2026-06-22 23:00:00 / Yangiliklar

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan Buxoro shahridagi “Varnet” botanika bogʻida navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
“Sogʻlom oila — barqaror xizmat, ahil jamoa” oyligi doirasida oʻtkazilgan tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xodimlar va ularning oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro mehr-oqibat, hurmat va ishonchni mustahkamlash, sogʻlom oilaviy muhitni qaror toptirish hamda jamoalarda hamjihatlik va ruhiy barqarorlikni taʼminlashdan iborat edi.
Tadbirda Buxoro davlat universitetining malakali psixolog mutaxassislari jazoni ijro etish koloniyalari xodimlari hamda ularning turmush oʻrtoqlari uchun maxsus trening mashgʻulotlari oʻtkazishdi.
Mashgʻulotlar davomida oilaviy munosabatlarda samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro ishonchni kuchaytirish, nizolarni tinch hal etish, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyati kabi muhim mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga stress holatlarini boshqarish, oilada sogʻlom psixologik muhitni shakllantirish va ruhiy salomatlikni asrash boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi. Treninglar interaktiv usullarda tashkil etildi.
Tadbirning amaliy qismida esa oilalarni yanada jipslashtirish va ezgu anʼanalarni qaror toptirish maqsadida “Oila bogʻi” loyihasiga start berildi. Unda xodimlar oʻz turmush oʻrtoqlari bilan birgalikda gul va manzarali daraxt koʻchatlarini ekib, yangi tashabbusga tamal toshini qoʻyishdi.
Loyiha doirasida har bir oila muntazam ravishda koʻchat ekish va parvarishlash orqali nafaqat atrof-muhit obodonchiligiga hissa qoʻshadi, balki oila aʼzolari oʻrtasidagi hamjihatlik va birdamlikni yanada mustahkamlaydi. Bu esa kelgusida “Oila bogʻi”ni ezgu anʼanalar maskaniga aylantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda har bir xodimning xizmat samaradorligi, avvalo, uning oilasidagi tinchlik va xotirjamlik bilan chambarchas bogʻliq, — deydi JIED Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Muhayyo Zakirova. — Oilada mehr-oqibat va oʻzaro tushunish muhiti mustahkam boʻlsa, inson har qanday vazifani ishonch bilan bajara oladi.
Shu bois “Sogʻlom oila — barqaror xizmat, ahil jamoa” oyligi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar orqali xodimlarimiz va ularning oila aʼzolariga psixologik koʻmak berish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda jamoalarda sogʻlom muhitni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Darhaqiqat, sogʻlom va ahil oila samarali xizmatning ishonchli garovidir. Shu bois tizimda oila institutini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Xadicha Oʻtayeva, kapitan.
