Giyohvandlikka qarshi kurashda qonun ustuvorligi va kiberxavfsizlik — jamiyat barqarorligining muhim omili
2026-06-21 13:10:00 / Yangiliklar

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan prokuratura va sud organlari hamkorligida keng qamrovli targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “Ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–1151-sonli Qonunining mazmun-mohiyati, giyohvandlikning aholi salomatligi va genofondiga salbiy taʼsiri, jamiyat xavfsizligini taʼminlashdagi ahamiyati atroflicha tushuntirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan kiberjinoyatlar, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari va ularning oldini olish choralari haqida muhim maʼlumotlar berildi.
Tadbirda probatsiya hisobida turgan shaxslar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mutaxassislar tomonidan berilgan huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalarga qiziqish bildirdilar.
Bunday targʻibot tadbirlari aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunbuzarliklarning oldini olish va jamiyatda xavfsiz muhitni taʼminlashga xizmat qilmoqda.









