Sport. Shohsupada — Akademiya sportchilari
2026-06-20 23:00:00 / Yangiliklar

IIV Akademiyasida kursantlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, zamonaviy suzish havzasida kursantlar muntazam ravishda mashgʻulotlarda ishtirok etadi.
Tizimli va kuchaytirilgan mashgʻulotlar, tinimsiz mehnat samarasi oʻlaroq, yaqinda boʻlib oʻtgan nufuzli sport bellashuvida vakillarimiz faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida suzish boʻyicha turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqada Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyalari, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona, Quruqlikdagi qoʻshinlar, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutlari hamda mezbon jamoa vakillari ishtirok etdi.
Murosasiz oʻtgan musobaqada IIV Akademiyasi kursantlari eng yuqori natijalarni qayd etishdi. Jumladan, 100 metr masofaga erkin usulda suzish boʻyicha yakkalik bahslarida Oʻlmasbek Baxtiyorov
59 soniya natija bilan birinchi oʻringa sazovor boʻlgan boʻlsa, 4x50 metrlik jamoaviy estafetada ham kursantlarimizga teng keladigan raqib topilmadi.
Har ikkala yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti kursantlari marraga birin-ketin yetib kelib, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi.
Musobaqa yakuniga koʻra, yuksak mahorat koʻrsatgan gʻolib va sovrindorlar medal, diplom hamda kubok bilan taqdirlandi.
©️ “Postda” gazetasi, Jamshid Xolov, mayor.
