Ayol va jamiyat. Qalblarga yoʻl topib
2026-06-20 06:25:00 / Yangiliklar

Huquq-tartibot tizimi koʻpchilikka qatʼiyat va intizomdan iboratdek koʻrinsa-da, uning inson taqdiri bilan bogʻliq shunday jabhalari borki, bu yerda kasbiy mahorat bilan bir qatorda, mehr, sabr va nozik qalb ham talab etiladi. Ana shunday fazilatlarni oʻzida mujassam etgan fidoyilardan biri Namangan davlat universiteti profilaktika inspektori, «Kasb aʼlochisi» koʻkrak nishoni sohibi, leytenant Lolaxon Nizomovadir.
Uning xizmat faoliyati 2007-yilda Mingbuloq tumani IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlinmasida safdor xodimlikdan boshlangan. Yosh qiz uchun bu soha oson emasdi. Biroq u qiyinchiliklardan choʻchimadi, aksincha, har bir sinovni tajriba va mahoratni oshirish maktabi deb bildi.
Tinimsiz mehnat, bilimga chanqoqlik va oʻz ustida ishlash natijasida 2010-yilda IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kurslarida tahsil olgan Lolaxon keyinchalik Akademiyani muvaffaqiyatli tamomlab, oliy maʼlumotli huquqshunos sifatida xizmatini davom ettirdi. Namangan viloyati IIB JXX HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazi inspektor-ijtimoiy xodimi oʻlaroq, adashgan oʻsmirlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, ularning qalbidagi ogʻriq va iztiroblarni anglash, oila va jamiyat bagʻriga qaytarish uning kundalik vazifasiga aylandi.
— Har bir bolaning qalbiga yoʻl topish uchun, avvalo, uni eshitish kerak, — deydi lavhamiz qahramoni. — Baʼzan bir ogʻiz mehrli soʻz, samimiy suhbat inson taqdirini oʻzgartirishi mumkin. Zero, bolalar bilan ishlashda mehr va ishonch katta ahamiyatga ega. Hayotda adashgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish — biz uchun eng katta yutuq.
Bugun Lolaxon Nizomovaning mehnat faoliyati talabalar hayoti bilan chambarchas bogʻlangan. Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy savodxonlikni oshirish, turli salbiy taʼsirlardan asrash uning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Universitet jamoasi va talabalar orasida u nafaqat talabchan xodim, balki maslahatchi, suhbatdosh va gʻamxoʻr inson sifatida ham hurmat qozongan. Chunki u har bir yoshning orzusi, intilishi va muammosiga befarq qaramaydi. Hamkasblari ham uning kasbiga boʻlgan sadoqati, yuksak masʼuliyati va yoshlar bilan muloqot qilish madaniyatini alohida eʼtirof etishadi. Ayniqsa, har qanday vaziyatda ham inson qalbiga yoʻl topa bilishi uning eng muhim fazilatlaridan biri sifatida qadrlanadi.
Yoshlar qalbiga ezgulik urugʻini qadayotgan, ularni maʼrifat sari boshlayotgan insonlar har qanday eʼtirofga munosibdir. Zero, yoshlar taqdiriga daxldor har bir xayrli ish, har bir ezgu amal kelajak poydevoriga qoʻyilgan gʻishtdir.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
