Sadoqat va matonat maktabi: Vatan himoyasiga shay yosh ofitserlar – Akademiya bitiruvchilariga tantanali ravishda diplomlar topshirildi
2026-06-20 06:00:00 / Yangiliklar

Yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyilgan naqsh kabidir. Umrining eng gullagan davrini huquqni muhofaza qilish sohasini oʻrganishga baxsh etgan, har tomonlama oʻzini chiniqtirib, xalq osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishga shaylanayotgan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bitiruvchilari uchun bugun eng unutilmas kunlardan biri.
JAR sport kompleksida, oʻzgacha ruhiyatda tashkil etilgan Akademiya kursantlarining bitiruv tadbirida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov, sohaviy xizmat rahbarlari, hukumat aʼzolari, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari masʼullari, faxriy generallar, jamoatchilik faollari hamda bitiruvchilarni ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdilar.
Soʻnggi yillarda Akademiyada yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor yondashuvlar, yaratilgan ulkan imkoniyatlar kursantlarning sifatli taʼlim olishi, oʻz salohiyati va iqtidorini roʻyobga chiqarishi, turli yoʻnalishlarda yutuqlarni qoʻlga kiritishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ichki ishlar organlarining chinakam ilmiy markaziga aylangan Akademiyada kunduzgi taʼlim bakalavriatida ixtisoslik yoʻnalishlari koʻpaytirilib, kadrlarni maqsadli tayyorlashga qaratilgan mutlaqo yangi mexanizmlar tatbiq etildi.
Ayniqsa Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan dual taʼlim tizimining samarali tashkil etilishi natijasida, kursantlar Akademiyada nazariy bilimlarni egallab, amaliyotda tajribali xodimlar murabbiyligida gʻoyat muhim koʻnikmalarni oʻzlashtirib kelishmoqda.
Shu tariqa, tadbirning eng hayajonli daqiqalari boshlandi. Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, nufuzli mehmonlar, huquqni muhofaza qilish organlari va harbiy tuzilma rahbarlari tomonidan kursantlarga diplomlar tantanali tarzda topshirildi. Har bir yosh ofitser qoʻliga diplomni olar ekan, ona Vatan oldidagi sadoqatini yana bir bir izhor etdi.
Yosh ofitserlarga yuzlangan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov – Davlatimiz rahbarining yoshlarga boʻlgan yuksak ishonchi, ularni vatanimizning chinakam oltin fondi sifatida shakllanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar bugun oʻz samarasini berayotganini eʼtirof etdi.
Joriy yilda Akademiyani toʻqqiz yuz nafar kursantlar tamomlagan boʻlsa ularning qariyb yuz nafarini qizlar tashkil etadi. Eʼtiborlisi, oʻttiz uch nafar kursantlar imtiyozli diplom bilan tamomlagan boʻlsa, ularning ikki nafariga muddatidan oldin katta leytenant maxsus unvonlari taqdim etildi.
Shuningdek, bitiruvchi yoshlarimizdan 4 nafari ichki ishlar vaziri stipendiyasi, bir nafari “Jaloliddin Manguberdi” va ikki nafari “Choʻlpon” stipendiyalariga, 10 nafari “Akademiya aʼlochisi” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgani, 127 nafari esa milliy va xalqaro tanlovlarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgani ayniqsa ularning kelajagidan katta umidlar kutayotgan ota-onalarning koʻnglida cheksiz faxr tuygʻularini uygʻotadi.
Bundan tashqari, kursantlar Jahon, Osiyo va respublika miqyosidagi nufuzli sport musobaqalari hamda turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻtkazilgan bellashuvlarda 30 ta medalni qoʻlga kiritganlari ustozlari va murabbiylarining mehnatlari qadrini yanada namoyon etmoqda.
Soʻzga chiqqan hukumat aʼzolari va kursantlarning ota-onalari tomonidan yosh ofitserlar va Vatan posbonlariga boʻlajak xizmat faoliyati davomida har bir qarorni qonun ustuvorligiga tayanib, adolatni bosh mezon qilib, “inson qadri”ni eng oliy qadriyat sifatida qabul qilish, kasbiy faoliyati davomida oʻz ustida ishlashni hech qachon toʻxtatmaslikni va doim Vatan oldidagi qasamyodlariga sodiq qolishlarini nasihat qildilar.
Tantanali marsh bilan butun maydonni aylanib chiqqan shaxsiy tarkib oxirgi bor safga tizildi. Akademiyadagi soʻnggi kun, oldinda esa yosh leytenantlarni ulkan masʼuliyatli vazifalar, vatan tinchligini, xalq osoyishtaligini muhofaza qilishdek sharafli xizmat kutmoqda.
Ishonamizki, bu salohiyatli yoshlar, bugun ularga ota-onalari, ustozlari, eng muhimi Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ulkan ishonchni albatta oqlaydilar.









