MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlarining poytaxt shaharlardagi boʻlinmalari rahbarlarining VI kengashi Bishkek shahrida boʻlib oʻtdi
2026-06-19 16:15:00 / Yangiliklar

Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlarining poytaxt shaharlardagi boʻlinmalari rahbarlarining VI Kengashi boʻlib oʻtdi.
Mazkur xalqaro tadbir MDH mamlakatlari poytaxtlaridagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini bir maydonga jamlab, jamoat xavfsizligini taʼminlash, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish hamda idoralararo hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish imkonini berdi.
Kengashni Bishkek shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, militsiya polkovnigi Azamat Toktonaliyev ochib berdi. U oʻzining qutlov nutqida Qirgʻiziston tomoni uchun bunday nufuzli xalqaro forumga mezbonlik qilish katta sharaf ekanini taʼkidladi.
— Bugungi uchrashuv kasbiy hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajriba almashish hamda voyaga yetmaganlar va yoshlarning giyohvandlik vositalari tarqatish, firibgarlik sxemalari va oʻgʻrilik kabi umumjinoyat yoʻnalishidagi jinoyatlarga jalb etilishining oldini olish boʻyicha qoʻshma yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim xalqaro maydon hisoblanadi. Ishonchim komilki, hamkorlikdagi faoliyatimiz natijalari xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Azamat Toktonaliyev.
Kengash ishtirokchilari amaliy faoliyat tajribalari bilan oʻrtoqlashib, yoshlar jinoyatchiligining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni taqdim etdilar, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarni muhokama qildilar hamda MDHga aʼzo davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqdilar.
Tadbir yakunida MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlarining poytaxt shaharlardagi boʻlinmalari rahbarlari VI Kengashi Bayonnomasini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Hujjatda erishilgan kelishuvlar mustahkamlanib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Ichki ishlar vaziri, militsiya general-polkovnigi Ulan Niyazbekovning buyrugʻiga asosan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va Hamdoʻstlik davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun kengash ishtirokchilariga “Hissa uchun” idoraviy medali hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Kengash ishida MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish byurosi direktori, politsiya general-leytenanti Oleg Konovalov, Byuro direktorining birinchi oʻrinbosari, militsiya polkovnigi Asqat Samatbekovich Aliyev, MDH Ijroiya qoʻmitasi huzuridagi MDH davlatlari ichki ishlar vazirlari kengashining vakili, militsiya general-mayori Aleksandr Vasilev, shuningdek Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston poytaxtlaridagi ichki ishlar organlari boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida kun tartibidagi uchta asosiy masala koʻrib chiqildi:
• voyaga yetmaganlar va yoshlarning giyohvandlik vositalari tarqatish hamda firibgarlik sxemalarida ishtirok etish kabi umumjinoyat yoʻnalishidagi jinoyatlarga jalb qilinishining oldini olish choralari;
• yoshlarning ekstremistik va radikal guruhlarga noqonuniy harakatlarni sodir etish hamda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida jalb etilishiga qarshi kurashish masalalari;
• axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali yoshlar orasida radikal, jamiyatga zid dunyoqarash hamda jinoiy turmush tarzini targʻib qilishning oldini olish choralari.









