Samarqandda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amaliy ishlar tahlil qilindi
2026-06-19 12:40:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev va Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari R.Ashropov rahbarligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatida oʻz oʻrganishlarini davom ettirmoqda.
Xususan, Jomboy tumani, “Axmadjon Qurbonov” mahallasi misolida 3-yildan buyon “Qizil” toifadan chiqmay kelayotgan mahallalarda jinoyatchilikni oldini olish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi va mahalla yettiligi faoliyati oʻrganildi.
Shuningdek, Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosi boʻyicha viloyat adliya boshqarmasiga biriktirilgan 16 ta mahallalarda nizoli oilalar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash va profilaktika samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti muhokama qilindi.
Unda nizoli oilalar bilan ishlash, notinch oilalarning muammolarini oʻrganish, asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish, oilaviy nizolarni yuzaga keltiruvchi omillarga qarshi kurashish va shu bilan birga, firibgarlik, kiberjinoyatlarni oldini olish borasidagi amaliy ishlar tahlil qilindi.
Yakunida, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli topshiriqlar berildi.






