Xorazm viloyati IIBda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalarining malakaviy amaliyoti samarali tashkil etilmoqda
2026-06-19 12:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot bilan uygʻunlashtirish, ularning kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish hamda kelgusida malakali huquqni muhofaza qiluvchi kadrlar sifatida yetishib chiqishlarini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida malakaviy amaliyot jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Belgilangan rejaga muvofiq, Akademiya kunduzgi taʼlim shaklining 1-kurs talabalari 21-maydan 20-iyunga qadar, 2-kurs talabalari esa 10-iyundan 10-iyulga qadar Xorazm viloyati IIBning tegishli sohaviy xizmatlari va hududiy ichki ishlar organlarida malakaviy amaliyot oʻtamoqdalar.
Amaliyot davomida talabalar ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan yaqindan tanishib, oʻzlari egallagan nazariy bilimlarni amaliy mashgʻulotlar orqali mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar. Ayniqsa, ularning tergov hamda ekspert-kriminalistika sohalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Tajribali tergovchilar va ekspert-kriminalistlar rahbarligida talabalarga jinoyat sodir etilgan hodisa joyini koʻzdan kechirish tartibi, dalillarni aniqlash, qayd etish va protsessual tartibda rasmiylashtirish, kriminalistik texnika va maxsus vositalardan samarali foydalanish usullari amaliy tarzda oʻrgatilmoqda.
Shuningdek, ular jinoyat ishlarini tergov qilishning asosiy bosqichlari, dastlabki tergov harakatlarini tashkil etish, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirish, dalillarni baholash hamda qonunchilik talablari asosida qaror qabul qilish jarayonlari bilan tanishmoqdalar. Amaliy mashgʻulotlarda talabalar voqealar rivojini tahlil qilish, tezkor vaziyatni baholash, huquqiy yechimlarni ishlab chiqish va kasbiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish boʻyicha ham muhim tajriba orttirmoqdalar.
Ekspert-kriminalistika boʻlinmalarida tashkil etilgan mashgʻulotlar davomida barmoq izlari, izshunoslik, biologik va boshqa moddiy dalillarni yigʻish, saqlash va ekspertizaga tayyorlash jarayonlari yuzasidan amaliy koʻnikmalar shakllantirilmoqda. Talabalar kriminalistik laboratoriyalar faoliyati bilan tanishib, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish tartibini oʻrganmoqdalar.
Bundan tashqari, amaliyot jarayonida talabalar xizmat intizomi, kasb etikasi, fuqarolar bilan muloqot madaniyati, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda qonun ustuvorligi tamoyillariga qatʼiy rioya qilish masalalari boʻyicha ham tajribali xodimlarning tavsiya va maslahatlarini olmoqdalar.
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan mazkur malakaviy amaliyot mashgʻulotlari talabalarning kelgusida ichki ishlar organlarida yuksak masʼuliyat, puxta bilim va amaliy tajribaga ega mutaxassis sifatida faoliyat yuritishlari uchun mustahkam zamin yaratib, ularning kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati







