Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan Chust tumanida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar oʻrganildi
2026-06-18 09:00:00 / Yangiliklar

Hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, fuqarolar muammolarini oʻrganish hamda aholi xavfsizligini ishonchli taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Namangan viloyati IIB boshligʻi tomonidan Chust tumanining “Mustaqillik”, “Yangi Bogʻishamol” va “Laylak uya” mahallalarida oʻrganish ishlari olib borilib, “Mustaqillik” mahallasida sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari, unga imkon bergan omillar hamda kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish masalalari tuman hokimi, tuman prokurori va jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Shuningdek, Chust tumani IIB faoliyati ham oʻrganilib, xodimlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, jamoat tartibini saqlash hamda aholi xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Oʻrganish davomida masʼullarga mahallalarda profilaktik tadbirlarni manzilli tashkil etish, jinoyat sodir etilishiga sabab boʻlayotgan omillarni chuqur tahlil qilish, aholi muammolarini tizimli oʻrganish, nizoli holatlarni barvaqt aniqlash hamda har bir hududda barqaror kriminogen vaziyatni taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati




