Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Samarqand viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda
2026-06-18 09:00:00 / Yangiliklar

Samarqand davlat universitetida Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev va Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari R.Ashropov rahbarligida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi aʼzolari, viloyat hokimining oʻrinbosari, yoshlarga masʼul tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida nizolarni mediatsiya usulida hal etish borasida mahalla yettiligini oʻqitish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi.
Seminarda, Toshkent davlat yuridik universiteti, Kriminologiya tadqiqot instituti hamda Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan «Oilaviy nizolarni mediatsiya yoʻli bilan hal qilish« hamda «Obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish tartibi« mavzularida maʼruzalar qilinib, ishtirokchilarning mavzuga oid savol va takliflari jonli muloqot shaklida muhokamalar qilindi.
Bundan tashqari, Samarqand davlat universitetida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan xavfsiz hudud, xavfsiz muhit, xavfsiz talaba tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar oʻrganildi.
Ishchi guruh mazkur dargohda olib borilayotgan taʼlim jarayoni, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, ishchi guruhi yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, uyushmagan yoshlarni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning kelgusidagi sinov-imtihonlariga tayyorgarligini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.
Jarayonda professor-oʻqituvchilar va iqtidorli talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalar hamda amaliy ahamiyatga ega gʻoyalar taqdimoti namoyish etildi.
Yakunida, universitetda talabalar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va yoshlar oʻrtasida ijtimoiy barqaror muhitni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati ham oʻrganilib, faol guruh aʼzolari munosib ragʻbatlantirildi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Samarqand viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
IIV huzuridagi Tergov departamenti





