“Qoradori—2026”. Uzumzordan uzilgan “uzum“
2026-06-18 23:00:00 / Yangiliklar

Respublikamiz boʻylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, ularning yetishtirilishi va tarqatilishining oldini olishga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Qoradori” keng qamrovli nazorat-reyd tadbirlari yuqori samara bermoqda.
Yaqinda Toshkent viloyati Piskent tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda xonadon sharoitida taqiqlangan giyohvandlik oʻsimliklarini parvarishlab kelayotgan shaxsning jinoiy faoliyatiga chek qoʻyildi.
“Birlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan xonadonlardan birida oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirish ishlari olib borildi.
Tezkor tadbir davomida xonadon sohibi orqa hovlisidagi shiypon va uzumzorida inson sogʻligʻi va hayoti uchun xavfli boʻlgan giyohvandlik oʻsimliklarini yetishtirib kelayotgani aniqlandi.
Fuqaro ushbu yashil maydonda 57 tup taqiqlangan oʻsimlikka alohida agrotexnik ishlov berib, parvarishlagan ekan.
Mazkur holat xolislar ishtirokida, belgilangan protsessual tartib-qoidalarga muvofiq hujjatlashtirildi, oʻsimliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Musodara qilingan oʻsimlik namunalarining turi va ularning tarkibida taqiqlangan moddalar bor-yoʻqligini rasman tasdiqlash maqsadida sudga oid kimyoviy ekspertiza tayinlandi.
Ekspertiza xulosasi esa, xonadondan olingan 57 tup oʻsimlik koʻknori ekanligini koʻrsatdi.
Shuningdek, oʻsimlik boshoqlari tarkibida opiy guruhiga kiruvchi, kuchli qaramlikni va sogʻliqqa qayta tiklanmas zarar yetkazuvchi faol giyohvandlik moddasi — morfin mavjudligi tasdiqlandi.
Holat yuzasidan Piskent tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ushbu voqea ogohlik va hushyorlik tuygʻusini yanada oshirish lozimligini yaqqol koʻrsatib berdi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz vaqtida koʻrgan tezkor chora-tadbirlari natijasida zahri qotilning qora bozorga chiqib ketishi hamda yuzlab insonlar, ayniqsa, yoshlar hayotiga tahdid solishining oldi olindi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, keng jamoatchilik va huquq-tartibot organlarining faol hamkorligi orqali giyohvandlikka qarshi samarali kurashish mumkin. Zero, sogʻlom kelajak va oilalarimiz osoyishtaligi oʻz qoʻlimizda.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant. Toshkent viloyati.
