Toshkent shahar IIBBda yosh xodimlar oʻrtasida “Harbiy estafeta” musobaqasi boʻlib oʻtdi
2026-06-18 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar IIBBda yosh xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy shakllanishi qatorida oʻz xizmat vazifalarini aʼlo darajada bajarish, mustaqil toʻgʻri qaror qabul qilish, jamoaviy harakatlanish, jamoada hurmat va fidoyilik, oʻzaro ishonch muhitini yaratish, vatanparvarlik, jasorat va mardlik ruhini oshirish, jismoniy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish kabi kasbiy sifatlar koʻnikmasiga muhim eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Shu maqsadda yosh xodimlar oʻrtasida “Harbiy estafeta” musobaqasi tashkil etildi. Musobaqada 30 yoshdan oshmagan, har bir jamoada 7 nafar yigit va 3 nafar qizlardan tashkil topgan 12 jamoa qatnashdi.
Gʻoliblik uchun kurashuvchilar umumiy 1.200 metrni tashkil qiluvchi masofada yugurish bilan birga, har bir 100 metrda 9 mm PM “Makarov” pistoleti, K-74 “Kalashnikov” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, gazga qarshi niqobda yugurish, ishtirokchini sanitarlar zambilida 100 metr masofaga koʻtarib borishi, 20 kg oʻq-dori qutisini koʻtargan holda yugurish, shartli ravishda chap qoʻli singan va oʻng oyogʻi sohasidan yaralangan ishtirokchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish, “Makarov” pistoleti yordamida 25 metr uzoqlikdagi nishonni 5 ta jangovar oʻq bilan yoʻq qilish, 30 dona oʻq joylangan “Kalashnikov” avtomati bilan yugurib finish chizigʻini bosib oʻtish mashqlarini bajardilar.
Hakamlarning qatʼiy nazorati ostida oʻtgan qiziqarli va shiddatli bellashuvlarda 1-oʻrinni Chilonzor tumani IIO FMB jamoasi, 2-oʻrinni IIBB PPXB, 3-oʻrinni Yashnobod tumani IIO FMB terma jamoasi qoʻlga kiritdi.
Musobaqada faol qatnashib, oʻz kasbiy, jangovar va jismoniy tayyorgarligini namoyish etib, hamkasblari orasida eng chaqqon, eng abjir va mohirligi bilan namuna boʻlgan yosh xodimlar Bosh boshqarma rahbariyatining tegishli diplom va mukofotlar bilan taqdirlanishdi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









