Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida oʻquv seminari tashkil etildi
2026-06-18 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz pozitsiyalarini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari oʻtkazildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari vakillarining xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, ularning ushbu yoʻnalishdagi shaxsiy masʼuliyatini oshirish hamda faoliyat samaradorligini zamonaviy talablar va ilgʻor yondashuvlar asosida takomillashtirishdan iborat boʻldi.
Seminarni Kriminologiya tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist A.O. Sharafutdinov ochib berdi.
U oʻz maʼruzasida xalqaro reyting va indekslarning davlat boshqaruvi samaradorligi, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi hamda xalqaro maydondagi imijini shakllantirishdagi ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga daxldor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi koʻrsatkichlari hamda ularning dinamikasi atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, “Huquq ustuvorligi” indeksi, “Boshqaruv sifati” indikatorlari, “Ayollar, biznes va qonun” indeksi, “Global innovatsiya” indeksi hamda ichki ishlar organlari faoliyati bilan uzviy bogʻliq boʻlgan boshqa xalqaro baholash mexanizmlari doirasidagi natijalar muhokama qilindi.
Shuningdek, reyting va indekslar koʻrsatkichlarining oʻzgarishiga taʼsir etuvchi omillar, mavjud muammo va kamchiliklar, sohaviy xizmatlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yuzasidan tanqidiy-tahliliy muhokamalar oʻtkazildi.
Muhokamalar jarayonida koʻrsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar, amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq chora-tadbirlar hamda idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari belgilab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti



