Toqchilikdagi yangi huquq-tartibot loyihalari bilan tanishildi
2026-06-17 10:50:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyati IIB boshligʻi Sharof Rashidov tumanida jamoat xavfsizligini taʼminlash, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ishlar holati bilan tanishdi. Mazkur jarayonda masʼullar hududda amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar, tezkor vaziyatni nazorat qilish tizimi hamda mahalla darajasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, Toqchilik mahallasi hududida barpo etilishi rejalashtirilgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi hamda huquq-tartibot maskani loyihalari koʻzdan kechirildi. Mutasaddilar tomonidan mazkur inshootlarda davlat xizmatchilari va aholi uchun yaratiladigan zamonaviy sharoitlar, shuningdek, qurilish ishlarini boshlash muddatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati



