Ichki ishlar vazirligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2026-06-16 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar muhokama etildi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Asosiy masala, joriy yilning 16-18-iyun kunlari Toshkentda mamlakatning asosiy investitsiya platformasi va mintaqadagi eng yirik ishbilarmonlik forumlaridan biri boʻlgan beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtishi munosabati bilan, poytaxt mehmonlari va ishtirokchilarning xavfsizligini taʼminlash choralari haqida boʻldi.
Mazkur nufuzli tadbirda 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.
Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamgʻarmalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.
Shu munosabat bilan, masʼul rahbarlarning va tadbirga jalb etilgan shaxsiy tarkibning xizmat vazifalari belgilandi hamda xizmatni nazorat qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Yigʻilish kun tartibiga muvofiq mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish va uning oldini olish masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 207-son Farmonida belgilangan vazifalarning ijro masalasi tahlil qilinib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Shu jumladan aholining salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashish hamda bunga sabab boʻlayotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qoʻyishga qaratilgan normativ-huquqiy, tezkor-profilaktik va tashkiliy-tarbiyaviy choralarni takomillashtirish yuzasidan masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish holati muhokama qilinib, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarning oldini olish, ularni fosh etish borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy koʻrib chiqildi.
Bu yoʻnalishda ish samaradorligini oshirish boʻyicha qatʼiy va kechiktirib boʻlmas vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, joriy yilning iyun oyi dastlabki oʻn kuni mobaynida respublikadagi kriminogen vaziyat hamda sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar muhokama qilinib, ularning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilab olindi.
Yigʻilish yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va xizmat intizomini yanada mustahkamlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosini taʼminlash qatʼiy nazoratga olinishi taʼkidlandi.



