Hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-06-15 23:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Birlashgan tahririyati hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Transport tizimida xavfsizlikni taʼminlash va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadidagi ushbu hujjatni ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi Zufar Narzullayev imzoladi.
Ushbu memorandum temir yoʻl transporti obyektlari va hududlarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, IIO tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida jamoatchilikni tezkor, xolis va sifatli axborot bilan taʼminlash bosh maqsad etib belgilangan.
Tadbirda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov soʻzga chiqib, bugungi kunda transport obyektlari va hududlarida xavfsizlikni taʼminlashda nafaqat soha xodimlari, balki keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining oʻrni beqiyos ekanligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, taniqli shoir, Zikrilla Neʼmatov hamda IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, podpolkovnik Xurshid Roʻziyev soʻzga chiqib, mazkur hamkorlikning istiqbollari, maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy targʻibot sohasidagi ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Hamkorlik doirasida yoʻlovchilar va temir yoʻl sohasi xodimlari oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlari yangicha yondashuvlar asosida tashkil etiladi. Bunda asosiy eʼtibor xavfsizlik qoidalariga rioya qilish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan maqolalar, taʼsirchan videoroliklar va infografikalar tayyorlashga qaratiladi.
Bundan tashqari, temir yoʻl vokzallari va poyezdlarda huquqiy-targʻibot materiallari hamda ijtimoiy reklamalarni joylashtirish, IIV Birlashgan tahririyati nashrlarini keng targʻib etish, qoʻshma brifinglar, press-turlar va madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tizimli ravishda birgalikda tashkil etish rejalashtirildi.
©️ “Postda” gazetasi, Azamat Axmatov, IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi bosh mutaxassisi, mayor.
