Kasbidan kamol topganlar. 96 yoshli podpolkovnik
2026-06-14 17:35:00 / Yangiliklar

Mahmudjon Joʻrayevning bolaligi Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri kelganligi bois u erta ulgʻaydi, front ortidagi mashaqqatli mehnat va urush davrining yetishmovchiliklari boʻlajak posbonning irodasini tobladi, xarakterini chiniqtirdi.
1953-yilda Namangan shahar 2-sonli militsiya boʻlinmasida oddiy militsioner sifatida ish boshlagan Mahmudjon sohani mukammal egallash maqsadida Toshkent oliy milisiya maktabiga oʻqishga kirib, 1956-yilda uni muvaffaqiyatli tamomladi.
Dastlab yoshlar bilan ishlash boʻyicha inspektor, soʻngra uchastka noziri vazifalarida faoliyat yuritib, jamiyatning turli qatlamlari bilan muloqot qilish, odamlar qalbiga yoʻl topish borasida tajriba toʻpladi.
Keyinchalik xizmat faoliyatini jinoyat qidiruv sohasida davom ettirdi. Qariyb oʻn bir yil tezkor vakil va katta tezkor vakil sifatida xizmat qildi.
Namangan shahar IIB boshligʻining oʻrinbosari, 1-sonli milisiya boʻlinmasi boshligʻi hamda viloyat ichki ishlar organlari jinoyat qidiruv sohasida masʼul lavozimlarda sidqidildan faoliyat koʻrsatdi.
Bugun Mahmudjon Joʻrayev 96 yoshda. U Namangan shahrining “Yangi asr” mahallasida farzandlari, nabira va chevaralari ardogʻida umr kechirmoqda. Suhbat asnosida otaxon shukronalik bilan shunday deydi:
— Shukr, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Biz orzu qilgan saodatli kunlar shu emasmidi? Ortda qolgan umrimda qiyinchilik va sinovlar boʻldi. Lekin barchasiga sabr qildik. El tinchligi uchun qilgan kamtarona xizmatlarim zoye ketmaganidan mamnunman.
Isteʼfodagi podpolkovnik Mahmudjon Joʻrayev koʻp farzandli, ibratli oila boshi ham. Uning 11 nafar farzandi, 38 nafar nabirasi va yuzdan ortiq chevarasi bor. Eʼtiborlisi, farzandlaridan uch nafari ota izidan bordi.
Jumladan, oʻgʻli Maʼrufjon Joʻrayev Namangan shahar ichki ishlar organlarida profilaktika inspektori boʻlib xizmat qilib, kapitan unvonida pensiyaga chiqqan. Orifjon Joʻrayev qoʻriqlash xizmatida inspektor boʻlib ishlab, mayor unvoni bilan xizmatini yakunlagan. Oilaning yana bir vakili — Muhammadjon Joʻrayev esa ayni paytda qoʻriqlash xizmatida kichik inspektor sifatida faoliyat olib bormoqda. Bu ota kasbiga boʻlgan cheksiz hurmat, oilaviy anʼananing davomiyligi va Vatanga sadoqat tuygʻusi avloddan-avlodga oʻtib borayotganining yorqin namunasidir.
Jahongir Toʻxtasinov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Namangan viloyati
