65-Xalqaro gullar festivali doirasida Namanganda aralash jang sanʼatlari (MMA) boʻyicha “Amir Temur Fighting Championship” 31-xalqaro turniri oʻtkazildi
2026-06-14 11:50:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli sport tadbirida Oʻzbekiston hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan professional sportchilar ishtirok etib, murosasiz janglarda oʻz mahoratlarini namoyish etdilar.
Tadbirda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etib, yigʻilganlarni 65-Xalqaro gullar festivali bilan tabrikladi hamda musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Musobaqada Oʻzbekiston hamda MDH davlatlarining professional sportchilari ishtirok etib, muxlislarga murosasiz va qiziqarli janglarni taqdim etdi. Turnir nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyodagi MMA ishqibozlarining eʼtiborini Namanganga qaratdi.
Turnirning markaziy jangida ATF chempionlik kamari uchun oʻzbekistonlik sportchi Shukurjon Abdurahimov va qozogʻistonlik Jasulan Xasimov oʻzaro kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bahsda yurtdoshimiz raqibini texnik nokaut evaziga magʻlub etib, chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Musobaqa yakunida viloyat hokimi markaziy jang gʻolibiga chempionlik kamarini topshirib, uni yorqin gʻalaba bilan muborakbod etdi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati



