Namangan viloyatida IIV rahbariyati tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi
2026-06-13 19:30:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, vazirlik rahbariyatining hududlarga chiqib, aholi bilan bevosita muloqot qilishi odamlarni bezovta qilib kelayotgan masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sayyor qabullar fuqarolarga oʻz muammolarini masʼul rahbarlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazish imkonini berib, murojaatlarning tezkor va adolatli hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Ana shunday sayyor qabullardan biri Namangan viloyatida IIV rahbariyati tomonidan oʻtkazildi.
Fuqarolar qabuli Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasining maʼmuriy binosida boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash xizmatlari, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyatining boshqa yoʻnalishlariga oid murojaatlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Kelib tushgan murojaatlarning bir qismi fuqarolik-huquqiy munosabatlar sohasiga oid masalalarni qamrab olgan boʻlsa, ayrim fuqarolar yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, firibgarlik, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish borasida oʻz taklif va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.
Sayyor qabul yakunlari boʻyicha bir qator murojaatlar joyidayoq ijobiy hal etildi. 6 nafar murojaat etuvchiga huquqiy tushuntirish va yuridik maslahatlar berildi. 9 murojaat qoʻshimcha oʻrganish uchun qabul qilinib, ular boʻyicha masʼul ijrochilar belgilandi hamda aniq topshiriqlar berildi. Mazkur murojaatlarning toʻliq, xolis va qonuniy koʻrib chiqilishi alohida nazoratga olindi.
IIV JXD Axborot xizmati




