IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Sergeli tumani mahallalarida xavfsiz muhit yaratish, aholi muammolarini hal etish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi oʻrganildi
2026-06-13 17:25:00 / Yangiliklar

Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, aholi muammolarini oʻz vaqtida hal qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish bugun eng ustuvor vazifaga aylangan.
IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov davlatimiz rahbarining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi “Bunyodobod”, “Habibiy” va “Oʻzgarish” mahallalarida boʻldi.
Manzilli oʻrganishlar davomida mahallalarning kriminogen vaziyati, huquqbuzarlik va jinoyatlarning asl omillari, ularni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar, hududlarga biriktirilgan ishchi guruhlar faoliyati va oʻtgan 5 oy mobaynida erishilgan natijalar muhokama qilindi.
Akademiya boshligʻi “jinoyat oʻchoq”lariga barham berish, hududlarni xavfsizlik tizimlari bilan taʼminlash, aholi oʻrtasida ijtimoiy profilaktikani tashkil etish, oilalardagi muammolarni oʻrganish, mahallalarda xavfsiz koʻcha va uylarni tashkil etish yuzasidan masʼullarning axborotini tingladi. “Mahalla yettiligi” vakillariga biriktirilgan alohida toifadagi shaxslarning ijtimoiy-maishiy holatiga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvlar chogʻida joylardagi muammolar atroflicha tahlil qilindi. Har bir xonadondagi muhitni oʻrganish, aholining bandlik darajasini oshirish, hududlarni texnik va jismoniy qoʻriqlovga olishni jadallashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish zarurligi aytildi.
Bundan tashqari, ikkinchi chorak uchun moʻljallangan “yoʻl xarita”lar ijrosini taʼminlash, “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida oʻrganishlar natijadorligini oshirish, manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirish borasida topshiriqlar berildi.
Oʻrganishlar yakunida “poytaxt” tajribasi asosida xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi. Akademiya boshligʻi jinoyatchilikni jilovlashda “mahalla yettiligi” bilan birga, fuqarolarning masʼuliyatini oshirish zarurligini qayd etib, ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









