Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Jizzax viloyatidagi yigʻilishi oʻtkazilib, oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilindi
2026-06-13 17:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan Respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarda oʻtkazilgan oʻrganish natijalari boʻyicha Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Jizzax viloyatidagi yigʻilishi oʻtkazilib, oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilindi.
Kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari R.Ashropov, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi aʼzolari, qator vazirlik va idoralar, jumladan, Ichki ishlar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasining sohaga masʼul rahbarlari hamda ularning hududiy tuzilmalari boshliqlari, huquq-tartibot organlari, tuman-shahar “mahalla yettiligi“, hududiy hokimlar, prokurorlar va ichki ishlar idoralari rahbarlari, hududiy shtab va ishchi guruhlari aʼzolari ishtirok etdi.
Muhokama jarayonida mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, “manzilli ishlash” tizimini samarali joriy etishga doir amaliy chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar koʻrsatib oʻtilib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida qaror ijrosi boʻyicha vazifalarini vijdonan bajargan bir qator tibbiyot xodimlariga tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir yakunida qarorlar ijrosi yuzasidan masʼul idora va tashkilot sohaviy rahbarlarining axborotlari tinglandi hamda belgilangan vazifalarning soʻzsiz va samarali ijrosini taʼminlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati







