Yangihayot tumani IIO FMB Probatsiya boʻlimi roʻyxatida turuvchi yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi
2026-06-13 13:50:00 / Yangiliklar

Unda IIV Probatsiya xizmati boshligʻi, polkovnik A. Urakov, tuman IIO FMB boshligʻi, podpolkovnik I. Tillayev hamda boshqa mutasaddilar qatnashdi.
Kun tartibida tuman Probatsiya guruhi tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Maʼruzachilar yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslarini tashkil etuvchi qonunning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratdilar. Qonunning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi, kamol topishi, iqtidorining jamiyat manfaatlari yoʻlida toʻla namoyon boʻlishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan yoshlar bilan yaqindan suhbatlashilib, ularning muammolari oʻrganildi. Har bir yoshning murojaatiga eʼtibor qaratilib, ularni hal etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yigʻilishda sogʻlom turmush tarzini va toʻgʻri hayot yoʻlini tanlagan yoshlarga kitoblar taqdim etildi.
Yigʻilish soʻngida tuman Probatsiya boʻlimi roʻyxatida turuvchi yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, qayta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, ular bilan manzilli ishlash hamda tuzalish yoʻliga oʻtgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida tegishli qaror qabul qilindi.
Bu kabi hayotda bilib-bilmay xatoga yoʻl qoʻygan, ammo qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlib, sogʻlom turmush tarzi, halollik va toʻgʻri hayot yoʻlini tanlagan yoshlarga imkoniyat yaratishga qaratilgan xayrli ishlar poytaxtning barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati




