Fuqarolar murojaatlari diqqat markazida: Andijonda IIV rahbariyati aholi uchun sayyor qabul oʻtkazdi
2026-06-13 13:20:00 / Yangiliklar

Qabul davomida viloyatning turli hududlaridan kelgan fuqarolarning murojaatlari diqqat bilan tinglanib, har bir masala atroflicha oʻrganildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda probatsiya sohalariga oid muammolar yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.
Ayniqsa, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, yoʻllarda xavfsiz harakatni taʼminlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan murojaatlar alohida eʼtibor markazida boʻldi.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning orzu-umidlari va ertangi kunga boʻlgan ishonchi turgani taʼkidlanib, muammolarning bir qismi joyida hal etildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etadigan masalalar boʻyicha esa masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Bevosita muloqot va ochiq suhbatlar aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi ishonch koʻprigini yanada mustahkamlamoqda. Zero, xalqning dardini eshitgan, muammosini hal qilishga intiladigan tizimgina jamiyatda tinchlik, xavfsizlik va adolatni taʼminlay oladi.
Bunday qabullar inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirish hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda.



