Soha fidoyilari. Doʻrmonlik Zohidjonning baxti
2026-06-12 23:00:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni mutaxassisi katta serjant Zohidjon Roziqov faoliyati davomida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik koʻrsatib kelmoqda.
Lavhamiz qahramonining kasb mahorati, ayniqsa, aholi gavjum hududlarda, shubhali holatlarga hushyorlik bilan tezkor munosabat bildirishda yaqqol namoyon boʻladi.
U xizmat oʻtash chogʻida keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarga koʻmak beradi, yoshlar bilan suhbatlar oʻtkazib, ularni vatanparvarlik va qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Uning bolaligi Karmana tumanining “Doʻrmon” mahallasida oʻtgan. Hozir ham shu mahallada katta oilasi bilan baxtli hayot kechirmoqda.
Zohidjonning bugungi yutuqlari zamirida otasi Zoyir aka va onasi Bibigul opaning koʻp yillik mehnati, sabr-toqati va chekkan mashaqqatlari mujassam.
Farzandlarimizning toʻngʻichi Zohidjon mehnatkash, masʼuliyatli va kattalarga hurmatli boʻlib ulgʻaydi. Bugun uning el-yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotganidan mamnunmiz, — deydi Zoyir aka.
Ahillik, sabr-toqat va mehr-oqibat asosida qurilgan mazkur oila joriy yilda “Namunali oila” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida faxrli birinchi oʻrinni egalladi.
Xizmatdagi muvaffaqiyat, hayotdagi barqarorlik va qalbdagi xotirjamlik avvalo ana shu muqaddas qoʻrgʻondan boshlanadi. Zohidjon Roziqov ham jamiki erishgan natijalarida oilasining oʻrni beqiyos ekanligini eʼtirof etadi.
Turmush oʻrtogʻim ichki ishlar organi xodimi ekanligidan faxrlanaman. Erishgan yutuqlarimiz — birgalikdagi mehnatimiz va ahilligimizning samarasi, — deydi ayoli.
Xulosa qilib aytganda, xizmatda masʼuliyatli, oilada mehribon farzand, Roziqovning hayot yoʻli koʻpchilik yosh xodimlarga haqiqiy ibrat boʻla oladi.
©️ “Postda” gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.
