IIV va FVV rahbariyati huzurida suv havzalarida choʻkish holatlarining oldini olish masalalari muhokama qilindi
2026-06-12 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamkorligida respublika hududlarida suv havzalarida sodir boʻlayotgan baxtsiz hodisalarning oldini olish, aholi, ayniqsa voyaga yetmaganlar xavfsizligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan tanqidiy muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida respublika boʻyicha 48 ta holatda 57 nafar fuqaroning suvda choʻkishi bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar qayd etilgani taʼkidlandi.
Muhokamalar davomida choʻkish holatlarining asosiy sabablari sifatida fuqarolarning belgilanmagan va taqiqlangan joylarda choʻmilishi, ota-onalar tomonidan farzandlar ustidan nazoratning yetarli darajada tashkil etilmaganligi, aholi oʻrtasida profilaktik targʻibot ishlarining yetarlicha emasligi hamda masʼul tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlarining tizimli tashkil etilmayotganligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilish yakunida hududlarda xavfli suv havzalarini xatlovdan oʻtkazish, profilaktik va targʻibot tadbirlarini kuchaytirish, belgilanmagan joylarda choʻmilish holatlarining oldini olish boʻyicha reyd tadbirlarini muntazam tashkil etish, bolalarning oromgohlar va suv havzalarida xavfsizligini taʼminlash hamda IIV va FVV tizimi xodimlarining oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati



