Namangan shahri mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar oʻrganildi
2026-06-12 09:00:00 / Yangiliklar

Viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, jamoat hamda yoʻl harakati xavfsizligini mustahkamlash maqsadida mahallalarda profilaktika inspektorlari tomonidan tizimli profilaktik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur jarayonlar boshqarma rahbariyati tomonidan muntazam oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish va ish samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Jumladan, bugun boshqarma boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Namangan shahrining bir qator mahallalarida oʻrganish ishlari olib borilib, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati atroflicha tahlil qilindi hamda “Gʻishtkoʻprik” mahallasida sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari jamoatchilik vakillari ishtirokida tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Muhokama davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, hududlarda Toshkent shahrining Chilonzor va Mirzo Ulugʻbek tumanlari tajribasi asosida manzilli ishlarni tashkil etish, “qizil” toifadagi mahallalarni bosqichma-bosqich “yashil” toifaga oʻtkazish yuzasidan masʼul rahbar hamda xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






