Umr saboqlari. Generalning hayot formulasi
2026-06-11 16:45:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida “general” unvoniga erishish shunchaki mansab yoki martaba emas, balki uyqusiz tunlar, masʼuliyat va Vatan oldidagi burchni ado etishga baxshida qilingan umrdir.
Bugungi suhbatdoshimiz faoliyati davomida toʻrtta viloyat IIBni boshqargan, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, IIV Akademiyasi boshligʻi kabi qator masʼul lavozimlarda xizmat qilgan, pensiyaga chiqqanidan keyin ham Jizzax viloyati va Toshkent shahri Xalq qabulxonalari mudiri sifatida el dardiga malham boʻlgan, ayni paytda IIV Akademiyasida yoshlarga ustozlik qilayotgan isteʼfodagi general-mayor Tohir Mullajonov.
— Tohir Oxunovich, ilk bor ichki ishlar xodimi formasini kiygan kuningizni eslaysizmi? Bugungi ulkan tajribangiz bilan oʻsha paytdagi yosh xodimga nimalar degan boʻlardingiz?
— Ilk bor xizmat libosini kiygan kunim yelkamga xalqning osoyishtaligini taʼminlash masʼuliyati yuklanganini his qilganman. Oʻsha kuni otamni eslab koʻzimga yosh kelgan. Bor-yoʻgʻi yetti yoshimda otamdan yetim qolgan boʻlsam-da, u kishining halollik, odamlarga yaxshilik qilish, aytilgan joyga hech qachon kech qolmaslik, birovning vaqtini oʻgʻirlash hurmatsizlik boʻlishi kabi oʻgitlari butun hayotimda yoʻlchi yulduz boʻldi.
Tibbiyot bilim yurtini bitirib, feldsherlik qilgan boʻlsam-da, qalbimdagi asl orzuim — ichki ishlar organlarida xizmat qilish edi. Shu maqsadda tinmay izlandim va IIV Toshkent oliy militsiya maktabiga oʻqishga qabul qilindim.
Agar bugungi tajribam bilan oʻsha paytdagi yosh xodimga maslahat berish imkoni boʻlsa: “Toʻgʻri yoʻldan ketyapsan. Oldinda seni juda katta sinovlar, qiyinchiliklar, uyqusiz tunlar kutmoqda. Lekin hech qachon otangning oʻgitini unutma — halollik va intizom seni yuksaklikka olib chiqadi. Qiyinchiliklardan qoʻrqma, ular seni sindirmaydi, aksincha, toblaydi”, degan boʻlardim.
— Uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan inson sifatida qabul qilgan eng qiyin qaroringiz?
— Xizmat yoʻlim juda ogʻir va tarixiy evrilishlar davriga toʻgʻri keldi. Biz sobiq ittifoq davrida ham xizmat qildik. Mustaqillikning ilk kunlaridagi noxush xatti-harakatlar, yurtimiz atrofida boʻlgan tahdidlarni ham boshimizdan oʻtkazdik. 90-yillardagi Fargʻona voqealari vaqtida Qoʻqon shahar IIB boshligʻi edim. Bir guruh gʻaraz niyatli kimsalar shahar tinchligini buzib, hujumlar uyushtirganda, vaziyatni barqarorlashtirish va xalqni qirgʻindan saqlab qolish uchun juda tez va qatʼiy qarorlar qabul qilishimizga toʻgʻri kelgan.
2005-yilda Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan vaqtimda Andijon shahridagi xunrezliklar, toʻpolonlarni bartaraf etish boʻyicha tuzilgan tezkor shtab boshligʻi boʻlganman. Mana shu voqealarda qabul qilingan har bir qaror katta sinov va ulkan masʼuliyat edi.
— Taqdir sizni ichki ishlar organlari tizimida oʻziga xos maktab yaratgan, sohaning chinakam afsonalariga aylangan fidoyi insonlar bilan yelkadosh boʻlib xizmat qilish baxtiga musharraf etgan...
— Albatta, tizimda oʻtgan yillarim men uchun katta tajriba maktabi boʻldi. Faoliyatim davomida koʻplab ulugʻ ustozlardan taʼlim oldim, ular bilan bir safda turib xizmat qildim. Hayotiy faoliyatimda ibrat maktabi boʻlgan olijanob inson — general-polkovnik Zokirjon Almatov. Shunday insonlarning maktabini koʻrish, duosini olish har bir xodimga nasib etsin. Chunki bu murakkab tizimga kirib kelish oson, lekin unda oʻzligini, insoniylik qiyofasini yoʻqotmay, hayotda munosib oʻrin topish chinakam matonatni talab etadi.
Shu bilan birga, mening kasbiy kamolotimda alohida oʻrin tutgan siymo general-mayor Gʻofur Rahimov edi. U xodimlardan hech qachon oʻz yordamini, qimmatli maslahatini ayamasdi. Boshimizga biror mushkul ish tushsa yoki murakkab vaziyatga duch kelsak, otalarcha gʻamxoʻrlik bilan yoʻl koʻrsatardi.
Jinoyat qidiruv sohasiga butun umrini baxshida etgan polkovnik Gʻofur Toshmatovni ham alohida ehtirom bilan yodga olaman. Bu fidoyi inson bilan besh yil davomida birga ishlash nasib etdi. Undagi samimiylik, kasbga boʻlgan mehr, halollik men uchun haqiqiy ibrat boʻldi. Ish koʻpligidan koʻpincha taomlanishga ham vaqt boʻlmasdi. Baʼzan xonalariga kirsam, ish stolining tortmasini ochib, bir boʻlak qotgan nonni olardi-da:
— Keling, birgalikda baham koʻramiz, — derdi.
Bu hol ayni fidoyilikning oʻzi edi.
— Sizni oʻta talabchan va qattiqqoʻl rahbar sifatida taʼriflashadi?
— Men buni inkor qilmayman. Lekin bu talabchanligim, qattiqqoʻlligim zamirida hech qachon shaxsiy xusumat yoki kimgadir yomonlik qilish istagi boʻlgan emas. Mening eng birinchi maqsadim — xizmat samaradorligini oshirish, ishning meʼyorida ketishini taʼminlash boʻlgan.
Xizmatda intizom boʻlmas ekan, samara ham boʻlmaydi. Mening talabchanligim xodimlarni asrash, ularning xatoga yoʻl qoʻymasligi uchun boʻlgan. Xizmatda qattiqqoʻl boʻldim, lekin hech qachon yolgʻon gapirmadim, faqat va faqat adolatni oʻzimga bayroq qildim.
Shunday holatlar boʻlganki, jazoni oʻtab qaytgan fuqarolar:
— Oʻshanda meni vaqtida toʻxtatib, toʻgʻri qilgan ekansiz, yoʻqsa bundan ham battar jinoyatlarga qoʻl urib, hayotim butunlay barbod boʻlardi, — deb rahmat aytishgan.
Shu oʻrinda yana bir gapni aytishim lozim. Yaʼni, oila va xizmat oʻrtasidagi muvozanatni saqlash ham juda muhim. Ichki ishlar xodimining oilasida xotirjamlik boʻlsa, u bor eʼtiborini Vatan himoyasiga qaratadi.
Men xizmat yuzasidan qanchalik talabchan va band boʻlmayin, oilamdagi muhitni, farzandlar tarbiyasini hamisha diqqat markazida tutishga, uyga faqat va faqat iliqlik olib kirishga harakat qilganman. Rahbar sifatida ham qoʻl ostimdagi xodimlarning oilaviy sharoitlariga, ularning uydagi halovatiga beeʼtibor boʻlmaganman. Chunki mustahkam oila — xizmatdagi muvaffaqiyatning yarmi.
— Bugungi yosh xodimlarda siz koʻrishni istagan eng muhim fazilat nima?
— Men xizmatni boshlagan sobiq ittifoq davrida ancha qiyin edi. Xizmat taqozosi bilan oilam oʻndan ortiq joyga koʻchib, sarson yurgan kunlarim boʻlgan. Lekin qiyinchilikdan qochmadim, oʻrganishdan aslo erinmadim. Bilmaganlarimni ustozlardan soʻrab, tinimsiz oʻz ustimda ishladim.
Bugun yoshlarimiz oʻz ona tilida, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ish yuritishadi. Texnika va avtomashinalarni-ku aytmasa ham boʻladi. Bizning davrimizda avtomashinalar umuman yetishmasdi. Hozirda profilaktika inspektorlari mahallaning oʻzida, shinam xizmat uylarida yashab, ishlashyapti.
Shunday cheksiz imkoniyatlar boʻlaturib, ozgina qiyinchilik sabab kasbidan voz kechayotgan ayrim yoshlarni koʻrsam, toʻgʻrisi, xafa boʻlaman. Sharoitning qadriga yetish, ozgina sabrli boʻlish va eng muhimi, yangi bilimlarni oʻrganishdan aslo erinmaslik kerak.
Yaqinda Akademiyada sirdaryolik 18 yoshli 1-bosqich kursantidan:
— Qaysi maqsadda oʻqishga kirdingiz, oʻgʻlim? — deb soʻrasam, koʻzlari yonib:
— Men Almatovdek general-polkovnik boʻlmoqchiman! — deydi.
Hayrat va faxrdan koʻzimga yosh keldi. Mana, yoshlarning qalbida qanday shijoat boʻlishi lozim!
— Siz oʻzingizni kitobxonlar safida koʻra olasizmi? Eng sevib mutolaa qiladigan asarlaringiz qaysilar?
— Kitob oʻqimagan odamning dunyoqarashi tor, fikrlashi yuzaki boʻlib qoladi. Men koʻproq tarixiy, detektiv va sohamizga oid adabiyotlarni oʻqiyman.
Eng sevimli asarlarim esa buyuk adibimiz Tohir Malik qalamiga mansub. Bu mehr Buxoro viloyati IIB boshligʻi boʻlib ishlagan kezlarimda, vazirimiz Zokir Almatovning topshirigʻi bilan “Shaytanat” serialini tasvirga olayotgan guruhni kutib olganimda yanada kuchaygan.
Oʻshanda Tohir akaning ogʻir jomadoniga hayron boʻlib qarab, ichida nima borligini soʻraganimda:
— Bularning hammasi kitoblar, boʻsh vaqtda oʻqiyman, — deb javob bergandi.
Bu gap hayotimda tub burilish yasadi va adibning “Shaytanat” asarini hamda boshqa kitoblarini oʻqib chiqdim. Ular shunchaki toʻqima asarlar emas, jinoyat olamining asl qiyofasini va inson fojiasini teran ochib bergan haqiqiy durdonalardir.
Keyinchalik IIV Akademiyasi boshligʻi boʻlib ishlagan paytlarimda Tohir Malik ham shu dargohda oʻqituvchi edi. U kishi bilan soatlab suhbat qilardik. Ichki ishlar xodimlari mehnatini juda qadrlaydigan, kasbimizning past-balandini teran anglaydigan bu inson bilan jinoyatchilikning psixologik ildizlari haqida fikr almashardik.
— Bugungi suhbatimizda biz kam toʻxtalgan, ammo siz uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan yana qaysi muhim fikrni aytishni istardingiz?
— Toʻgʻrisi, ichki ishlar organlarida uzoq yillar mashaqqatli xizmat yoʻlini bosib oʻtgan faxriylarimiz haqida gapirishni istardim.
Faxriylar tizimning tirik tarixi va mustahkam poydevoridir. Masalan, mahallalarda xizmatni boshlayotgan yosh profilaktika inspektorlariga shu hududni besh qoʻldek biladigan, koʻpni koʻrgan faxriylar ustoz sifatida biriktirib qoʻyilsa, ishda sifat va samaradorlik yuqori boʻladi.
Biz ularning boy amaliy tajribasi va ulkan salohiyatidan tizim rivoji yoʻlida unumli foydalanishimiz kerak.
Yana bir muhim masala — har bir xodim oʻzidan keyin ishning koʻzini biladigan munosib shogird qoldirishi lozim. Bir soʻz bilan aytganda, tizimda ustoz-shogirdlik anʼanalari yanada takomillashtirilishi zarur.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Oʻz muxbirimiz Sarvar SOBIROV suhbatlashdi.
P.S. General bilan suhbatlasharkanman, ish stoli ustida turgan Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, “Temur tuzuklari” va varaqlari orasiga xatchoʻp qoʻyilgan Sirojiddin Sayyidning sheʼriy toʻplami beixtiyor diqqatimni tortdi.
Bu holat uning kitob bilan doimiy doʻstligidan, talabchan rahbar qiyofasi zamirida teran tafakkur va sheʼriyatga oshno qalb yashiringanidan dalolat berardi.
Qutlugʻ yoshda ham ustozdagi shijoat va gʻayrat esa bugungi yoshlar uchun chinakam ibratdir.
