Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Jizzax viloyatidagi oʻrganishlar davom etmoqda
2026-06-11 11:40:00 / Yangiliklar

Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish hamda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini oshirish maqsadida Jizzax viloyatida kompleks oʻrganishlar olib borilmoqda.
Oʻrganishlar doirasida Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Baxriddin Valiyev, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Botir Qudratxoʻjayev hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida qator sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Jumladan, viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyati oʻrganilib, hududdagi kiberjinoyatlar tahlili, ularning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari, sohadagi muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ruhiy kasalliklar, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qoʻygan shaxslar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi. Masʼullarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mahallalarda xotin-qizlar jinoyatchiligining oldini olish, nizoli oilalar bilan ishlash, erta tugʻruq va voyaga yetmagan qizlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham oʻrganildi. Muammoli toifaga kiruvchi qizlarni kasb-hunar va oʻquv kurslariga jalb etish, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha ijobiy tajribalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Jizzax politexnika institutida mahalla yettiligini nizolarni mediatsiya usulida hal etish koʻnikmalariga oʻqitishga bagʻishlangan seminar tashkil etildi. Unda oilaviy nizolarni mediatsiya orqali hal etish hamda mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish masalalari boʻyicha maʼruzalar tinglandi.
Oʻranishlar davom ettirilmoqda.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati



