Ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash: ilgʻor tajribalar va zamonaviy yondashuvlar
2026-06-10 18:50:00 / Yangiliklar

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi, akademik, “Profi University” rektori Shaumarov Gʻayrat Baxromovich, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oliy taʼlim tizimi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Mudofaa vazirligi Harbiy xavfsizlik va mudofaa Universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bojxona qoʻmitasi Bojxona instituti, Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, “Profi University”, Toshkent xalqaro universiteti, IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Maxsus tayyorgarlik oʻquv markazlarining professor-oʻqituvchilari va yetuk mutaxassislari ishtirok etdilar.
Mazkur anjuman ichki ishlar organlari tizimida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi mavjud tajribalarni tahlil qilish, ilgʻor milliy va xorijiy yondashuvlarni oʻrganish hamda taʼlim jarayoniga tatbiq etish masalalarini muhokama qilishga bagʻishlandi.
Anjumanni Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshligʻi, polkovnik Olimjon Axmedov ochib berdi. U oʻz maʼruzasida mamlakatimizda ichki ishlar organlari kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, xizmat faoliyatiga zamonaviy bilim va koʻnikmalarni joriy etish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi globallashuv sharoitida huquq-tartibotni taʼminlash sohasiga qoʻyilayotgan talablar tobora ortib bormoqda. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligi, huquqiy bilimi, psixologik barqarorligi va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlari, taʼlim sifatini oshirish mexanizmlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini raqamlashtirish, amaliy mashgʻulotlar samaradorligini yuksaltirish hamda taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan ilmiy maʼruzalar taqdim etildi.
Muhokamalar jarayonida ilgʻor xorijiy tajribalarni milliy taʼlim tizimiga moslashtirish, sohaviy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish va kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish boʻyicha qator takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar ichki ishlar organlari uchun raqobatbardosh, yuksak kasbiy salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Ilmiy-amaliy anjuman sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va oʻzaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni boʻldi.
Konferensiyada ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar, kelgusida Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashda oʻzining ijobiy samarasini beradi.







