Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan poytaxtning Sergeli tumani IIO FMB faoliyati oʻrganildi
2026-06-10 17:50:00 / Yangiliklar

Oʻrganish davomida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat joylarida huquq-tartibotni mustahkamlash, hududda joylashgan obyektlarni qoʻriqlash, shuningdek, jalb etilgan kuch va vositalarning samaradorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Bojxona qoʻmitasi raisi general mayor Akmalxoʻja Mavlonov, Toshkent shahar IIBB va Sergeli tumani rahbariyati bilan birga Sergeli tumani “Isteʼmolda boʻlgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori” MCHJ, Sergeli 24/7 koʻchasi hamda tuman Situatsion markaziga borilib, yoʻl harakatini tashkil etish va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Poytaxtdagi masjidlar, bozorlar va boshqa gavjum hududlari atrofida, koʻp qavatli yerosti va yerusti avtoturargoh barpo etish, hamda, Toshkent shahrida transport yuklamasini kamaytirishga qaratilgan kompleks tadbirlar yuzasidan taqdimotlar tinglandi.
Shu bilan birga, ekologik holatni yaxshilash va mazkur yoʻnalishda sohaviy tuzilmalar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishini taʼminlash yuzasidan masʼul rahbar va xodimlarga aniq topshiriqlar berildi.
IIV JXD Axborot xizmati


