Turkiya Respublikasi Buyuk Millat majlisi Xavfsizlik va razvedka komissiyasi raisi Veysal Tipioʻgʻlu boshchiligidagi delegatsiya Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi
2026-06-09 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida parlamentlararo aloqalar yigʻilishi doirasida Turkiya Respublikasi Buyuk Millat majlisi Xavfsizlik va razvedka komissiyasi raisi Veysal Tipioʻgʻlu boshchiligidagi bir guruh deputatlar bugun Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari D.Sattarov kutib olib, ularni Vazirlik faoliyati hamda soʻnggi yillarda huquqni muhofaza qilish sohasida ikki davlat ichki ishlar vazirliklari oʻrtasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Uchrashuvda tomonlar uyushgan transmilliy jinoyatchilik, xususan, terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatlar, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish hamda ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirishda hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Axborot texnologiyalarining rivojlanib borishi jarayonida jinoyatlarni sodir etish usullar transformatsiyaga uchrab, ularning aksariyati Internet makoniga oʻtayotganligi, bu borada birgalikda harakat qilish hamda eng soʻnggi yangiliklar va tajribalar bilan doimiy almashib borish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga oid istiqbolli vazifalarni rejalashtirdilar.



