Bolalarga bering dunyoni! Eʼtibordan yayragan qalblar
2026-06-09 23:00:00 / Yangiliklar

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tashabbusi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida saraton va oqqon kasalliklaridan davolanayotgan bolalar, shuningdek, xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan xodimlarning farzandlari uchun “Bolajonlar sayli” tashkil etildi.
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida oʻtkazilgan tadbirda 50 nafarga yaqin bolalar ishtirok etdi. Ular uchun mazmunli dam olish va koʻngilochar dasturlar tashkil qilindi.
Tadbirda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul rahbarlari, professional bokschi Isroil Madrimov hamda “Sen kuchlisan”nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Marjona Nurmuhammedova ishtirok etdi.
Dastur doirasida bolajonlar Boʻstonliq tumanidagi “Chinorkent” dam olish maskani, “Oqtosh” bolalar oromgohi hamda Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlib, ular uchun turli koʻngilochar tadbirlar, konsert dasturlari tashkil etildi.
Shuningdek, bolalar uchun maxsus texnikalar koʻrgazmasi, koʻrgazmali chiqishlar hamda ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilib, ularga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir bolajonlarning qalbida unutilmas taassurot qoldirgani shubhasiz.
Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB tomonidan xodimlarning farzandlari uchun “Oqtosh” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida madaniy hordiq va sport tadbirlari ham tashkil etildi.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov.
