Hafta qahramoni. Burch, masʼuliyat, fidoyilik
2026-06-07 12:55:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-may. Soat 16:00. Gʻallaorol tumani, «Oqtosh» mahallasi. Osmonda quyuqlasha boshlagan bulutlar orasidan birin-ketin chaqmoqlar yiltilladi. Koʻp oʻtmay momaqaldiroq gumburlab, sharros yomgʻir quya ketdi. Tuman IIB HPB profilaktika inspektori, kapitan Elyor Abdusalomov shu kuni xizmat xonasiga kirmasdan hududni aylanib yurgandi. Yomgʻir zabtidan sel xavfi aniqroq sezila boshladi. Qarangki, oradan oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas, qishloqning markaziy koʻchasi boʻylab suv oqimi oqa boshladi. Zum oʻtmay uning hajmi koʻpayib, suv xonadonlarga ham kirib ulgurgan edi. Kapitan shu zahotiyoq uylarning biriga yugurib kirdi. Uy egalarini chaqirib, ketmon, belkurak bilan suv yoʻlini toʻsishga kirishishdi.
Hayal oʻtmay qoʻshni Nakrach, Qipchoqsuv qishloqlari hududiga sel kelib, avtomobil yoʻllarini suv bosganligi haqida xabar keldi. Kapitan tezda oʻsha hududda yoʻl oldi. Darhaqiqat, bahor yomgʻiri bu safar talofatli boʻlgandi. Keksalar bekorga «Oʻt balosi, suv balosidan asrasin», deyishmas ekan. Kapitan avvalo vahimaga tushib qolgan qishloq odamlarini tinchlantirib, xotin-qizlar, bolalarning xavfsiz joyga oʻtishini taʼminladi. Ust-boshi shalabbo boʻlsa-da, erkaklar bilan birga suv yoʻllarini ochib, tozalab, xavfsizlik choralarini koʻrishdi. Natijada qutqaruv xizmati yetib kelgunga qadar sel talafotlarini oldini olib turishdi.
Lavhamiz qahramoni dastlab Gʻallaorol tumani «Madaniyat» MFYda profilaktika inspektori lavozimida ish boshlagan. Unga tuman IIB HPB HOOB boshligʻi, podpolkovnik Shahob Tursunov hamda tajribali hamkasbi, podpolkovnik Ziyodulla Xolmurodov ustozlik qilishdi.
Mana 4 yildan buyon «Oqtosh» MFYda xizmat faoliyatini olib borayotgan kapitan 3500 kishilik mahalla ahlining ishonchini qozonib, hurmatiga sazovor boʻlmoqda. Eng muhimi, mahalla soʻnggi toʻrt yil davomida «yashil» toifada. Chunki ijtimoiy profilaktika tadbirlari namunali yoʻlga qoʻyilgani tufayli mahallada yil boshidan buyon bironta ham jinoyat qayd etilmadi.
Oʻsha kuni kapitan Elyor Abdusalomovning fidoyilarcha xizmati ichki ishlar organlari xodimlarining doimo aholiga yordamga shayligi, ularning dard-u tashvishlari bilan yashashini yana bir isbotladi.
Muqaddas Saparova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Jizzax viloyati
