IIV Akademiyasida boʻlib oʻtgan bitiruv tadbirida tinglovchilarga yurist malakasini beruvchi diplomlar topshirildi
2026-06-07 12:25:00 / Yangiliklar

Oʻquv dargohi rahbariyati, milliy gvardiya, bojxona va boshqa tuzilmalar vakillari, professor-oʻqituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida oʻtgan tadbir avvalida akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz oldi.
Hozirgi tahlikali davr huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga murakkab vazifalarni qoʻyayotgani, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish uchun soha xodimlari har jihatdan professional boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
“Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xalqimizning farovon hayotini taʼminlashga qaratilgan. Yurtimizni barqaror rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirish uchun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlikni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Akademiyadagi taʼlim kelgusidagi faoliyatingiz va yuqori maqsadlaringiz yoʻlida mustahkam tayanch boʻlishi kerak. Vatanimiz xavfsizligini, aholi osoyishtaligini taʼminlash borasida samarali ishlarni amalga oshirish zarur. Zero, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oliy burchidir”, — dedi akademiya boshligʻi.
Shundan soʻng toʻrt yil mobaynida sirtqi taʼlim yoʻnalishida tahsil olgan bitiruvchilar tantanali ravishda diplomlarni qabul qilib oldi. Hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari soʻzga chiqib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini eʼtirof etgan holda bitiruvchilarga muvaffaqiyat tiladilar.
Shu kuni oʻqish davomida ijobiy fazilatlari bilan safdoshlariga oʻrnak boʻlgan tinglovchilarga akademiya boshligʻining faxriy yorliqlari topshirildi. Bitiruvchilar ona Vatanimiz oldidagi ishonchni yuksak sharaf va masʼuliyat bilan oqlashga vaʼda berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



