Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Interpol Bosh kotibi bilan huquqni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokamasi yuzasidan uchrashuv oʻtkazdi
2026-06-06 19:00:00 / Yangiliklar

Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Suhbat markazida transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvini takomillashtirish hamda xalqaro qidiruv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari boʻldi.
Taʼkidlanganidek, zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlar global tus olayotgan bir sharoitda jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining yaqin hamkorligi va saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi uchun Interpol bilan hamkorlik xalqaro faoliyatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Oʻz navbatida Valdesi Urkiza hozirgi kunda Interpol Oʻzbekiston bilan oʻzaro sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirib, xalqaro hamkorlikning amaliy mexanizmlarini rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, Interpolning Milliy markaziy byurolari turli mamlakatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim oʻrin tutadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi istiqbolli vazifalarni belgilab oldilar.


