Sohaviy xizmatlarda. Fuqarolar manfaati ustuvor
2026-06-06 14:15:00 / Yangiliklar

Uchqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Migratsiya va personallashtirish boʻlinmasi binosi har kuni fuqarolar bilan gavjum. Kimdir ilk bor ID-karta olish harakatida boʻlsa, kimdir xorijga chiqish pasporti, yoki fuqarolikni tiklash istagida murojaat qiladi.
— Boʻlinma xodimlari tomonidan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning muammolariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yil boshidan buyon hududda yashovchi 26 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxsning taqdiri koʻrib chiqildi. Xususan, «Fuqarolik toʻgʻrisida»gi qonunning 6-moddasiga asosan 6 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilib, yurtining toʻlaqonli aʼzosiga aylandi. Qolgan 20 nafar shaxsdan 14 nafariga doimiy yashash faktini sud orqali belgilash boʻyicha zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, tuman Adliya boʻlimiga yoʻnaltirildi, — deydi boʻlinma boshligʻi, mayor Baxtiyor Sattorov.
Shuningdek, xorijiy davlatlardan kelib, mamlakatimizda doimiy yashash istagini bildirgan 18 nafar chet el fuqarosining hujjatlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida oʻrganib chiqildi. Hozirga qadar ularning 5 nafariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi rasmiylashtirilgan boʻlsa, qolgan 13 nafarining hujjatlari belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Zamon talabiga mos ravishda tumanda ID-kartalarni rasmiylashtirish jarayoni yuqori surʼatlarda davom etmoqda. Prezidentimizning tegishli farmoni ijrosi doirasida jami 7212 nafar fuqaroga yangi avlod hujjatlari topshirildi. Ushbu koʻrsatkichning katta qismini — 5404 tasini eski biometrik pasportlarni almashtirgan fuqarolar tashkil etadi. Tahlillarga koʻra, murojaat qilganlarning 778 nafari 18 yoshga toʻlmagan yoshlar, 408 nafari hujjatini yoʻqotgan fuqarolar, 531 nafari esa pasport muddatini oʻtkazib yuborgan shaxslardir. Alohida qayd etish joizki, mobil qurilmalar orqali masofaviy va tezkor xizmat koʻrsatish imkoniyatidan 4 nafar fuqaro foydalangan.
Uchqoʻrgʻonliklarning xalqaro miqyosdagi harakatchanligi ham tobora ortib bormoqda. 2026-yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun 2231 ta ariza qabul qilindi. Ularning aksariyati, yaʼni 1900 tasi voyaga yetgan fuqarolar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, 331 nafar voyaga yetmagan bolalarga ham xorijga chiqish hujjatlari rasmiylashtirildi. Favqulodda holatlar inobatga olinib, 2 nafar fuqaroga tezlashtirilgan tartibda pasport berilishi taʼminlandi.
Boʻlinma inspektori, kichik serjant Hojiakbar Turgʻunov, pasportchi, safdor Diyorbek Erkinjonov kabi fidoyi xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar hududda huquqbuzarliklarning oldini olish bilan birga, aholiga sifatli va shaffof davlat xizmatlarini koʻrsatishga xizmat qilmoqda.
Jahongir TOʻXTASINOV, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
