Boʻlajak huquqshunoslar ichki ishlar organlarining boy tarixiy merosi bilan tanishdi
2026-06-06 12:00:00 / Yangiliklar

Yoshlarning tarixiy xotirasi va vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash, ichki ishlar organlari faoliyati hamda tizim tarixini yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent xalqaro universitetining Yurisprudensiya yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tarix muzeyiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida talabalar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarining shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, turli tarixiy davrlarda ichki ishlar tizimi zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan fidoyi xodimlar faoliyati haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Muzey mutaxassislari tomonidan talabalarga noyob arxiv hujjatlari, tarixiy fotosuratlar, xizmat faoliyatida foydalanilgan texnika va jihozlar, davlat va xizmat mukofotlari hamda ichki ishlar organlari tarixini aks ettiruvchi boshqa eksponatlar haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi.
Ayniqsa, xizmat burchini bajarish chogʻida jasorat va matonat namunasini koʻrsatgan xodimlarga bagʻishlangan boʻlimlar talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Kelajakda huquqshunos sifatida faoliyat yuritishga tayyorlanayotgan yoshlar uchun ushbu tashrif kasbiy bilimlarini boyitish, soha tarixini chuqurroq anglash va Vatanga sadoqat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida talabalar muzey faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirib, ekskursiya davomida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, tarixiy merosga hurmat ruhini shakllantirish hamda ichki ishlar organlari faoliyati haqida kengroq tasavvur hosil qilishga xizmat qilmoqda.






