Oʻzbekiston va Pokiston ichki ishlar vazirlari jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar
2026-06-06 10:50:00 / Yangiliklar

Bishkek shahrida boʻlib oʻtayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov hamda Pokiston Islom Respublikasining Ichki ishlar va giyohvand moddalar nazorati boʻyicha federal vaziri Sayyid Muhsin Rizo Naqviy oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, transchegaraviy xarakterdagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuvda, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali choralar koʻrish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, terrorizm va ekstremizmga hamda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar xavfsizlik va huquq-tartibotni taʼminlash borasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, maʼlumot va ilgʻor tajribalar almashinuvini faollashtirish ikki mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Oʻzaro doʻstona va samimiy muhitda oʻtgan uchrashuvda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.





