Mintaqaviy xavfsizlik yoʻlida muhim qadam: Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-06-05 16:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 5-iyun kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda SHHTga aʼzo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari, Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) hamda MDH hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida dastlab delegatsiya rahbarlari Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabulida boʻldilar.
Uchrashuvda tomonlar xalqaro munosabatlar tizimi tubdan oʻzgarib, global barqarorlik jiddiy sinovlarga duch kelayotgan bugungi sharoitda Shanxay hamkorlik tashkiloti oʻzining mustahkamligini saqlab qolmoqda hamda oʻzaro ishonch va xavfsizlikni taʼminlashning ishonchli platformasi sifatida xizmat qilayotganligi eʼtirof etilar.
Tadbir davomida zamonaviy davrning dolzarb chaqiriq va tahdidlari, xususan, raqamli texnologiyalarning jadal surʼatlarda rivojlanishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar axborot xavfsizligini taʼminlash, kibermakondagi tahdidlarga qarshi samarali hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Yigʻilish kun tartibiga binoan ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka doir dolzarb masalalarni muhokama qilib, huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha fikr va takliflar bilan oʻrtoqlashdilar.
Ayniqsa, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy omillarni bartaraf etish va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kun tartibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma harakatlarni takomillashtirish masalasi ham muhim oʻrin egalladi.
Delegatsiyalar, xususan, sintetik giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, bu yoʻnalishda axborot almashinuvi va tezkor hamkorlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladilar.
Shu bilan birga, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilish ishtirokchilari kiberjinoyatchilikka qarshi samarali choralar ishlab chiqish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.
Tadbir yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va ularning amaliy ijrosini taʼminlashga qaratilgan yigʻilish bayonnomasi imzolandi.
Yigʻilish natijalari SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Nufuzli anjuman doirasida boshqa rejalashtirilgan tadbirlar ham davom etmoqda.









