Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida IIB va DXX tezkor xodimlari tomonidan yerga koʻmilgan va tomga yashirilgan giyohvandlik vositalari fosh etildi
2026-06-05 09:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Toshkent viloyati boʻylab giyohvandlikning har qanday koʻrinishiga qarshi keskin va murosasiz kurashga qaratilgan keng masshtabli nazorat-reyd tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, bugun Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida, Ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boʻlimi tezkor xodimlari tomonidan navbatdagi nazorat tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir davomida tumanning “Xondaylik” MFY hududida joylashgan, xususiy fermer xoʻjaligiga tegishli yer maydonida shox-shabbalar orasida hamda parranda boqish uchun qurilgan binoning tom qismida, jami 7 ta shisha idishlar va 2 dona 10 litr hajmdagi chelaklarga quritilgan, maydalangan holdagi giyohvandlik vositalari yashirib saqlanayotgani fosh etildi.
Holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlariga kirishilgan.
Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, oqibatiga koʻra 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati


