IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va jinoyatchilik profilaktikasi samaradorligi oʻrganildi
2026-06-05 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish va kriminogen vaziyatni baraqarorlashtirish masalasiga kompleks tarzda yondashilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Charx Kamolon-2” mahallasida boʻldi.
Oʻrganishlar davomida “mahalla yettiligi”ning aholi bilan manzilli ishlash faoliyati, hududlardagi muammolar, jinoyatchilik holati, huquqbuzarliklarning asl omillari va barvaqt oldini olish choralari tahlil qilindi.
Kriminogen vaziyatni yaxshilash uchun aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini doimiy ravishda oʻrganib borish, ularni hal qilishga koʻmaklashish, har bir xonadonga kirib borib fuqarolar bilan manzilli suhbat oʻtkazish, profilaktik ishlar natijadorligini oshirish zarurligi qayd etildi.
“Jinoyatchilikni jilovlash faqat mahalla hududi bilan cheklanib qolmasligi kerak. Chunki shu yerda istiqomat qilayotgan shaxs boshqa mahallaga borib huquqbuzarlik sodir etishi mumkin. Xavfsiz muhitni shakllantirishda mazkur jihatlarga alohida eʼtibor qaratish, ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini kuchaytirish lozim”, — dedi akademiya boshligʻi.
Muloqot chogʻida mahallaga biriktirilgan ishchi guruhlarning kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirayotgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti tinglandi.
Hududlarni zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash, obyektlarni qoʻriqlovga olishni kengaytirish orqali mahallada xavfsiz muhitni shaklantirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, yoshlar bandligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlashga qoʻshimcha kuch va vositalarni jalb qilish kabi chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





