Ijtimoiy himoya. Uyida tinchi boʻlsin xodimning
2026-06-04 15:05:00 / Yangiliklar

Insonning ishga munosabati uning oilasidagi muhit bilan chambarchas bogʻliq. Ayniqsa, ichki ishlar organlarida faoliyat yuritish uchun nafaqat kuchli jismoniy tayyorgarlik, balki ruhiy xotirjamlik ham zarur. Shu bois bugun xodimlarning oilaviy muhiti, turmush sharoiti va ijtimoiy himoyasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Andijon viloyati IIBda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayol xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning oilaviy barqarorligini taʼminlash va munosib yashash sharoitini yaratish muhim vazifaga aylangan.
Bugungi kunda viloyat ichki ishlar organlarida 250 nafardan ziyod xotin-qizlar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularning qariyb 70 foizi oilali ayollardir. Eʼtiborlisi, opa-singillarimizning aksariyati profilaktika yoʻnalishida xizmat qilib, joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi bilan ishlash kabi murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelishyapti.
Boshqarma tomonidan har bir ayol xodimning oilasi bilan yakka tartibda ishlash yoʻlga qoʻyilgan. Ularning ijtimoiy ahvoli, turarjoy sharoiti va oilaviy munosabatlari muntazam oʻrganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Bunday eʼtibor xodimalarda tizimga boʻlgan ishonchni mustahkamlab, samaradorlikni oshirishga xizmat qilyapti.
Oilaviy muhitni sogʻlomlashtirish maqsadida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, xususan, «Oilaviy kitobxon», «Namunali oila» va «Toʻmaris avlodlari» kabi koʻrik-tanlovlar muntazam oʻtkazilmoqda. Ushbu loyihalar nafaqat xodimlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga, balki oiladagi ahillik, oʻzaro hurmat va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Eʼtiborlisi, bu kabi tadbirlar ayol xodimlarning oʻz ustida ishlashi, yangi yutuqlarga erishishi uchun ham katta turtki boʻlmoqda. Masalan, leytenant Mohlaroy Hakimjonova sport yoʻnalishida, leytenant Mubinabonu Roʻziyeva adabiyot sohasida, katta leytenant Dilbarxon Umarova esa «Namunali oila» koʻrik-tanlovida respublika miqyosida faxrli oʻrinlarni egalladi.
Quvonarlisi, ilgari tizimda bor-yoʻgʻi bir nafar xodima ilmiy izlanish olib borgan boʻlsa, bugunga kelib 8 nafar ayol xodim ilmiy faoliyat bilan shugʻullanmoqda.
Oldinda amalga oshiriladigan ishlarimiz talaygina. Rejaga muvofiq, yurtimizning sayyohlik manzillariga oilaviy sayohatlar uyushtirish, faxriylar holidan xabar olish, oila aʼzolarini kasb-hunarga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash choralari koʻriladi. Shuningdek, sport musobaqalari va intellektual oʻyinlar orqali jamoadagi oʻzaro birdamlikni mustahkamlash ishlari izchil davom ettiriladi.
Muxtasar aytganda, ayol xodimlarning oilaviy muhitini sogʻlomlashtirish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Zero, uyida xotirjamlik boʻlgan xodimgina el-yurt osoyishtaligi yoʻlida fidokorona xizmat qila oladi.
Barnoxon Mirzayeva, Andijon viloyati IIB MMI va KBTX boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, mayor. “Postda”
