Toshkent shahar IIBB tomonidan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri oʻtkazildi
2026-06-03 17:25:00 / Yangiliklar

“1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida bolalar uchun bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda respublika Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati hamda hamkor tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida Markaz faoliyati, xususan, bu yerda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, koʻrsatilayotgan tibbiy, maishiy, ijtimoiy-huquqiy, tarbiyaviy, madaniy-maʼrifiy hamda sport-sogʻlomlashtirish xizmatlari haqida maʼlumot berildi.
Bolalarga quvonch ulashish va bayramona kayfiyat bagʻishlash maqsadida Markazga tashrif buyurgan sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari hamda sahna chiqishlari ularda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Mehmonlar bolalarga sovgʻalar ulashib, bayramona bezatilgan dasturxon atrofida ular bilan samimiy suhbat qurdilar.
Shuningdek, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bolalarga ijtimoiy, huquqiy, pedagogik hamda tibbiy yordam koʻrsatishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarayotgan bir guruh xodimlar “Vatan” xayriya fondi tomonidan koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandilar.







