“Halollik qasamyodi”. Qorovul qoʻshinlari safiga yangi kuchlar qoʻshildi
2026-06-03 17:20:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligida shartnoma asosida harbiy xizmatga qabul qilingan bir guruh yosh nomzodlarning tantanali “Halollik qasamyodi”ni qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir yosh harbiylarning hayotida yangi sahifa ochib, ularning zimmasiga el-yurt tinchligini koʻz qorachigʻidek asrashdek masʼuliyatli vazifani yukladi. Harbiy-kasbiy sinovlar va qatʼiy saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar saf maydonida saf tortib, Vataniga, xalqiga va Prezidentiga sodiq boʻlishga, xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga tantanali ravishda vaʼda berdilar.
Tantanada soʻzga chiqqan qoʻshin qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Davron Ashurov yangi qabul qilingan harbiy xizmatchilarni ushbu qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etdi. U oʻz nutqida Vatanga sadoqat, xizmat burchiga qatʼiylik hamda tanlagan kasbiga fidoyilik har bir unvonli harbiyning eng oliy va muqaddas vazifasi ekanini alohida taʼkidlab, yosh boʻlgʻusi himoyachilarga kelgusi xizmatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Marosimning mantiqiy davomi oʻlaroq, yosh harbiy xizmatchilar Qorovul qoʻshinlari tarixiy muzeyiga tashrif buyurdilar. Nomzodlar muzey ekspozitsiyalari hamda noyob eksponatlar orqali qoʻshinlarning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, kundalik xizmat faoliyati hamda yurt tinchligi yoʻlida fidokorona mehnat qilib, jasorat koʻrsatgan faxriy harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishdilar.
Bu kabi maʼnaviy tadbirlar yangi tarkibda vatanparvarlik tuygʻusini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.









