Qoraqalpogʻistonda xavfsiz muhit yaratish va raqamli boshqaruvni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-06-03 11:55:00 / Yangiliklar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish, jamoat tartibi hamda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi binosida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, tuman hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari ishtirok etdilar.
Yigʻilish davomida Davlat rahbari tomonidan xavfsiz muhit yaratish boʻyicha berilgan topshiriqlarning ijrosi atroflicha koʻrib chiqildi.
Xususan, huquqni muhofaza qilish organlarining oʻzaro hamkorlikdagi faoliyatini yanada takomillashtirish, jinoyatchilikning oldini olish, aholi osoyishtaligini taʼminlash va jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Nukus shahrida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Toshkent shahrining Chilonzor va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida toʻplangan ilgʻor tajribalar asosida raqamli boshqaruv tizimini rivojlantirish, xavfsiz muhitni taʼminlash va aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Mutasaddilar tomonidan bu borada eng muhim masalalardan biri sifatida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi.
Bu esa maʼlumotlar almashinuvini tezlashtirish, boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirish va aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish imkonini yaratadi.
Yigʻilishda shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari shaxsiy tarkibining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish, xizmat intizomini mustahkamlash va zamonaviy talablarga mos faoliyat yuritish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarning izchil amalga oshirilishi barcha davlat organlari va tashkilotlarining oʻzaro hamjihatligi hamda masʼuliyatli yondashuvini talab etadi.
Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi hamda ularning bajarilishini tizimli nazorat qilish muhimligi qayd etildi.




