Qoraqalpogʻiston Respublikasida ichki ishlar organlari faoliyati, qurilish va rekonstruksiya ishlari hamda aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar oʻrganildi
2026-06-03 09:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, xodimlar malakasini oshirish, qulay xizmat sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar natijadorligi boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.
Oʻrganishlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Nukus filialining bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari bilan tanishildi.
Shuningdek, xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar koʻzdan kechirilib, masʼullarga Davlatimiz rahbari tomonidan zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yosh kadrlarni tayyorlash borasidagi topshiriqlari ijrosini amalga oshirish, oʻquv karyera tizimini yanada mukammallashtirishda puxta ish olib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Uchinchi mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi binosida olib borilayotgan yangi qurilish ishlari oʻrganildi. Hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, aholiga xizmat koʻrsatish, xodimlar hamda fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ijrosi batafsil tahlil qilindi.
Tadbir jarayonida vazirlik ishchi guruhi tomonidan Boʻzatov tumani IIB faoliyati oʻrganilib, mutasaddilarning taqdimoti tinglandi. Tumanda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash hamda xavfsiz ijtimoiy muhitni shakllantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Nukus shahrida davlat boshqaruvi va ijro intizomini yanada takomillashtirish hamda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida Toshkent shahrining Chilonzor va Mirzo Ulugʻbek tumanlari hamda Surxondaryo viloyatida toʻplangan ilgʻor tajribalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga qarashli mayning direksiyasida tashkil etilgan tezkor devon hamda ishchi guruhning faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonida ish yuritish, murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi va boshqaruv jarayonlariga oid mavjud kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Tahlillar asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, ish samaradorligini oshirish va ilgʻor tajribalarni keng joriy etish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Bu kabi oʻrganishlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etadi.






