Kiberjinoyatchilik. “Oson daromad”ning ogʻir oqibati
2026-06-02 23:00:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalar taraqqiyoti bugun hayotimizga yangi imkoniyatlar, qulayliklar bilan birga jiddiy xavflarni ham olib kirdi.
Ayniqsa, kriptovalyuta bozorida oson va tez boyish istagi ayrim fuqarolarni qonunbuzarlik koʻchasiga yetaklamoqda. Nafs tuzogʻiga tushib, qisqa vaqtda katta daromad topishni koʻzlaganlar oʻzlari jinoyat ishtirokchisiga yoki kiberjinoyat qurboniga aylanib qolishmoqda.
Kun boʻyi virtual olamdan chiqmaydigan Guli Qobilova (ism-sharifi oʻzgartirildi) halol mehnat qilish oʻrniga, bel ogʻritmay pul topishni afzal bildi. Shu maqsadda ikki yil oldin Telegram ijtimoiy tarmogʻida “kriptovalyuta almashinuvi”ni oʻrgatuvchi onlayn kursga toʻlov qilib, saboq ola boshlaydi.
Oʻquv kursini tugatgach, G.Qobilova mobil telefoniga “Binance” ilovasini yuklab oladi va foydalanuvchi sifatida hisob qaydnomasini roʻyxatdan oʻtkazib, shaxsiy hisob raqam ochadi. Shu tariqa, kripto-birjada anonim kripto-aktivlar savdosi bilan faol shugʻullana boshlaydi.
Daromadlarini yashirish va izni yoʻqotish maqsadida raqamli hamyoniga bir qancha elektron hisob raqamlarni ham biriktiradi.
“Qahramonimiz” har kuni turli xaridorlarga elektron shaklda milliy valyutaga AQSH dollarini kriptovalyuta orqali sotish bilan mashgʻul boʻladi.
Oʻtgan yilning 23-yanvar kuni u “Binance” platformasi orqali nomaʼlum xaridordan 2 754 093 soʻm qabul qilib olib, evaziga uning hisobiga 209,58 AQSH dollari ekvivalentidagi kripto-aktivni oʻtkazib beradi. Aslida, bu mablagʻ boshqa bir fuqarodan firibgarlik yoʻli bilan oʻgʻirlangan pullar edi.
Jarayonga aralashib qolgan G.Qobilova telefon apparati ehtiyotsizligi tufayli butunlay sinib, ilovadagi hisob qaydnomasiga kirish imkonini yoʻqotgunga qadar ushbu noqonuniy faoliyatini davom ettiradi.
Mamlakatimiz qonunchiligiga koʻra, kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq faoliyat faqat belgilangan tartibda litsenziya olgan holda amalga oshirilishi lozim.
G.Qobilova esa kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash bilan takroran shugʻullanib, qisqa vaqt ichida jami 14 688 AQSH dollari hamda 192 356 438 soʻmlik mablagʻni kripto-birjada oldi-sotdi qilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi huzuridagi tergov guruhi tomonidan G.Qobilovaga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Sud hukmi bilan unga tegishli jazo tayinlandi.
Xulosa shuki, internetdagi har qanday “oson daromad” taklifi ortida jinoiy tuzoq yashiringan boʻlishi mumkin. Ayniqsa, moliyaviy operatsiyalar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishda qonun talablarini chuqur oʻrganish va ularga qatʼiy rioya qilish shart.
Zotan, qonuniy yoʻl, halol mehnat bilan topilgan daromad hamisha barqaror va barakali boʻladi.
©️ “Postda” gazetasi, Shahzodbek Berdialiyev, katta leytenant.Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
