Ekspert-kriminalistika boʻlinmalari faoliyatidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi
2026-06-02 12:00:00 / Yangiliklar

Ekspert-kriminalistika sohasini rivojlantirish, jinoyatlarni fosh etish samaradorligini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda bugun ichki ishlar organlarida ekspert-kriminalistika sohasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda sohadagi yutuqlar va mavjud muammolar muhokama qilinib, yigʻilish boshida yangi tayinlangan rahbar — IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshligʻi oʻrinbosari A. Djadigerov jamoaga tanishtirildi.
Shundan soʻng hududiy boʻlinmalar vakillari jinoyatlarni ochishda zamonaviy texnologiyalar va tizimlardan foydalanish boʻyicha hisobot berdi.
Asosiy eʼtibor hodisa joyidan dalillarni toʻliq va aniq yigʻish, barmoq izi, biologik, trasologik va raqamli izlarni eʼtiborsiz qoldirish kabi kamchiliklar tanqid qilinib, ekspertiza jarayonida belgilangan tartib va qoidalarga qatʼiy rioya qilish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida hodisa joyida ekspertlar ishtirokini kuchaytirish, dalillarni chuqur tahlil qilish va zamonaviy axborot tizimlaridan samarali foydalanish boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Umuman olganda, bu kabi muhokamalar jinoyatlarni erta aniqlash, ularning oldini olish va yurtimiz xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bu kabi muhokamalar jinoyatlarni erta aniqlash, ularning oldini olish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga munosib hissa qoʻshadi.


